Pages

Saturday, November 30, 2013

Kim bo'lsam ekan? Dasturchi!

Ha ayni shu savol ko'pchilik yoshlarimizda muammoli holatni keltirib chiqaradi. Gap dasturlovchilar — axborot texnologiyalari sohasining bo'lajak mutaxassislari haqida ketmoqda. Bu soha yurtimizda endi bo'y ko'rsatayotgan davrda axborot va kompyuter texnologiyalari, dasturlash kabi hozirda dunyo bo'yicha eng zamonaviy hamda top reytingda turuvchi soha va uning mutaxassislari — dasturchilar haqida ko'pchilik yurtdoshlarimiz yetarlicha tasavvurga ega emas. Shu sabab hozrida ayni kasb tanlash davrida bo'lgan yuqori sinf o'quvchilari orasida axborot texnologiyalari nima, oddiygina kompyuter yordamida qanday qilib tadbirkorlik qilish yoki kelajakda «non topish» kabi savollarni o'ylab ko'radiganlari yoki ularga yo'l ko'rsatuvchi ota-onalar, o'qituvchilar orasida aniq tasavvurga egalari kamdan-kam. Nafaqat o'quvchi yoki ta'lim hodimlari, balki davlat va jamoat muassasalari, ishlab chiqaruvchi va xizmat ko'rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari rahbar-hodimlar orasida ham axborot texnologiyalarini qo'llagan holda ish unumdorligini oshirish, resurslarni tejash kabi tushunchalar endi shakillanib bormoqda. Ho'sh shunday davrda ayni bugun qaror qabul qilish ostonasida turgan yoshlarga nima maslahat bera olamiz? Real soha bilan tanishtirish va ularda axborot texnologiyalariga bo'lgan ishonchni oshirishda qay yo'sinda ish olib borish kerak?

«Druzyalarim»

Ko'pchilik yoshlar orasida faqatgina mobil telefonlar yordamida «sayt ochish» va sevimli «odno», «agent» va shu kabi tarmoqlarda gurunglashish, o'z ijodlarini (tesha tegmagan gaplar, dil izhorlari-yu anekdodar, nomini yoki nikini etmaysizmi?, barchasi «orginal»), nafaqat ijodlarini, balki qimmatli vaqtini ham ayni shukabi tarmoqlarda sarflashlari hech kimga sir bo'lmay qoldi. Oddiygina muloqotga bo'lgan extiyoj kundan kunga chegara bilmay bormoqda. Lekin, bu qurilmalar, bu dasturlar, bu «odno»lar qanday qilib ishlaydi, kimlar yaratadi, qanday qilib yaratiladi degan savollarni o'ylab ko'radigan yoshlarimiz qancha ekan? Bugun vaqt va mobil aloqa kompaniyalarining «beminnat» xizmatlariga sarflanayotgan mablag'larimiz, ular yordamida kolleksiya kabi to'playotgan «druzyalarimiz» ertaga bizga qanchalik yordami tegadi? 9-sinfni tamomlash arafasida qaysi sohani tanlayman? Kasb-hunar kollejini bitirgach qayerda ishlayman yoki qaysi oliygohga «xarakat qilib ko'raman»? Keling, bu haqida real hayotga nazar tashlagan holda fikr yuritib ko'raylik.

Axborot texnologiylari haqida eshitganmisiz?

Ha kompyuter, internet klub, feysbuk, «odno» kabilar bilan juda ham yaxshi tanishsiz. Mobil telefondan foydalana bilasiz. Lekin axborot texnologiyalari (AT) haqidachi? U nima, qanday soha, nima ish qiladi, qanday foydasi bor degan savollar bilan atroflicha qiziqib ko'ring, chunki kasb tanlash, oliygoh tanlash ostonasidagi har bir o'quvchi kamida 5-6 ta variant bilan tanish bo'lishi va ular orasidan ma'qulini tanlay olishi kerak.
Keling sizga oddiyroq til bilan tushuntirib ko'ray. Yuqorida biz aytib o'tgan va siz hozirda foydalanayotgan kompyuter, internet klub, feysbuk, «odno» kabilar barchasi — axborot texnologiyalarining mahsuli. Ularni eng oddiy misol sifatida ko'rsatish mumkin. Axborot texnologiyalari — bu keng qamrovli soha, unga misol sifatida siz bilgan quyidagilarni keltirib o'tamiz:
  1. Kompyuter, mobil telefonlar, internet (qiziq, soniyalar ichida habarlar almashyabsiz)
  2. Raqamli televideniya, TV, DVD (istalgan ko'rsatuv yoki filmni sifatli tomosha qilmoqdasiz, yoki diskini sotib olasiz, ayniqsa reklamalar va multiklarni aytmaysizmi — effektlarga boy)
  3. Zamonaviy tibbiy tashxiz qurilmalari (shifokorlar qanday qilib tana a'zolaringiz ichini ko'rishmoqda?)
  4. Masofadan boshqarish qurilmalari (TV va avto pultlar)
  5. Zamonaviy avtomashinalarda salondagi ko'pgina aqilli funksiyalar (radio va musiqa qurilmalari, gps yo'l ko'rsatgichlar, kamarni taqmasangiz ti-tillab ham qo'yadi)
  6. Ko'cha to'la reklama bannerlari (Yuzi rosa tiniq ekanmi fotoshop qilishibdi)
  7. Avtoregistratorlar (Toshkent ko'chalarida videokameralar, qizildan o'tib ketsak uyimizga GAI dan jarima qog'ozi kelar ekan)
  8. Plastik kartalar va to'lov terminallari (qanday qilib pullarimiz shu kichik kartaga joylanar ekan)
  9. Paynet (endi gaz va elektr energiyaga ham to'lsak bo'lar ekanmi?)
Men yuqorida shu paytgacha eng ko'p uchratganlarimiz haqida oddiygina misollar keltirib o'tdim. Ularning ishlashida axborot texnologiyalari degan sohaning hissasi katta. Ko'rib turibsizki hayotimizda axborot texnologiyalari kirib bormagan sohaning o'zi yo'q. Agar ular haqida yanada chuqurroq bilmoqchi bo'lsangiz axborot texnologiyalari, dasturlash, telekommunikatsiya, elektronika kabi terminlar to'g'risida ozgina izlanib ko'ring, kasb va soha tanlash jarayonida qizizqishlaringizni inobatga olasiz degan umiddamiz.

Kelajagi qanday?

Bu savol ko'pchilikni qiziqtiradi, ayniqsa ota-onalarni. Aytib o'tganimdek axborot texnologiyalari keng qamrovli soha, men dasturlash sohasida faoliyat yuritib kelayotganligim sababli keyingi fikrlarim ayni dasturlash va dasturchilar haqida bo'ladi. Yurtimizda ayni davrda soha rivojlanib bormoqda, malakali mutaxassislarga bo'lgan talab juda ham yuqori, ayniqsa dasturchilar keraklicha ish va uning ortidan keraklicha daromad topa olishlari haqiqat. Faqat avvaldan bilib olinki, bu sohada tanish bilishchilik ketmaydi, «tankani» ortidan kun ko'rish uzoqqa cho'zilmaydi. Ish va daromad — bilim va malakaga qarab bo'ladi. Bu kasbda «leviy» qilish, qo'polroq qilib aytsak tamagirlik yoki kasbini suvistemol qilish, zamonaviy qilib etganda «bizness» degan yomon illatlar va tushunchalar yo'q. Chunki ularsiz ham bilim va tajriba orqali «yaxshi topish» mumkin. Bu nafaqat bizda, rivojlangan davlatlarda ham huddi shunday, malakali dasturchilarga bo'lgan talab va ularning maoshi yoqori.

Ho'p, ana o'sha dasturchi bo'lishi uchun nimalar qilinadi?

Quyidagi gaplarni o'quvchiga qarata aytib o'taman, agar siz ota-ona yoki o'qituvchi bo'lsangiz ularni farzandingiz yoki o'quvchi sifatida tushunib oling. Keling endi bo'lajak dasturchi hozirdan nimalarga e'tibor berishi kerak, bu sohaga kirib borishingiz uchun qaysi yo'llarni bosib o'tasiz?
Avvalambor maktabni bitirayotganlar uchun aniqlashtirib olaylik. Aniq fanlar — fizika, matematikaga qiziqish va qobilyatingiz qay darajada, mayli, geniy bo'lishingiz shart emas, maktabdagi nisbiy 4 baho bo'lishi bu minimal, 5 yoki qobilyat bo'lsa undan ham yaxshi. Agarda aniq fanlarga qiziqmayman desangiz dizayn, chizmachilik, umuman olganda rasm chizishga iqtidoringiz bormi, demak yaxshi, chunki hozirda kompyuter grafikasi degan yo'nalish ham borki ularga ayni shu talab qo'yiladi. Agarda hali maktabni tugatmagan bo'lsangiz hozirdanoq qobilyatlaringizni sinab ko'ring, maktab kompyuterida o'yin o'ynash yoki informatika darsida bekor o'tirish o'rniga ular bilan jiddiy shug'ullaning, shu sohada ishlovchi tanishlardan yoki informatika o'qituvchingizdan siz uchun qiziq bo'lgan savollarni so'rang. Hozirda deyarli ko'pgina oilalarda shaxsiy kompyuter mavjud. Uyda vaqtingizni internet klub yoki shaxsiy kompyuterda o'yin, kino, klip, musiqa yoki «odno» ga sarflash bilan emas foydali dasturlar bilan shug'ullaning, "Informatika" darsligida berilgan topshiriq va mavzularni to'liq o'zlashtirishga harakat qiling.

O'rta-maxsus ta'lim

Maktabni tamomlagach litsey yoki kollejga yo'llanma olasiz. Dasturlashni o'rganmoqchi bo'lganlar aniq fanlar yo'nalishidagi akademik-litseylarga yoki axborot texnologiyalari yo'nalishi mavjud kasb-hunar kollejlariga borish tavfsiya etiladi. Chunki hozirda har bir tumanda kasb-hunar kollejlarida kompyuter va axborot texnologiyalariga yo'naltirilgan guruhlar mavjud. Siz agar kollej yoki litsey o'quvchisi bo'lsangiz kompyuterda ko'proq amaliy mashg'ulotlar (dasturlar) bilan ishlang: Word, Excel, Photoshop, Pascal, Delphi, Html haqida bilib oling va ular bilan ko'proq shug'ullaning. Agarda qandaydir natijalarga erishayotgan bo'lsangiz 2-3 kurslarda qo'shimcha malaka olish uchun xususiy o'quv markazlariga borish xam tavfsiya etiladi. U yerda hozirda quyidagi yo'nalishlar bo'yicha boshlang'ich bilimlarni egallay olasiz:
  1. Offis dasturlari (Word, Excel, PowerPoint, Internet va e-mail)
  2. Kompyuter grafikasi (Photoshop, CorelDraw, 3D-Max, AutoCad)
  3. Daturlash tillari (Delphi, C#, HTML/PHP)
Agarda shaxar yoki tumanda bu kabi kurslar mavjud bo'lmasa ayni shu dasturlarga oid qo'shimcha adabiyotlar, internet materiallari, videodarsliklar qidirib toping. Bu davrda siz internetda mustaqil ishlay olishingiz, undan kerakli mavzularni qidirib topish va o'zlashitirish malakasiga ega bo'lishingiz kerak. Google bilan qalin do'st bo'lib oling. Bu sohada kompyuterda qancha ko'p amaliy o'rgansangiz shuncha foyda. Yana alohida takidlaydiganimiz bu albatta chet tili: ingliz va rus tillari. Shu ikki chet tilini muntazam o'rganish ham talab qilinadi, chunki sohadagi barcha yangilik va adabiyotlar ingliz va rus tillarida. Kamida soha atamalarini va texnik jumlalarni tushunib borishingiz kerak, qolgani o'qish va ish jarayonida bo'laveradi. Oliygohda o'qimoqchi bo'lganlar matematika va fizika kurslarini ham yaxshi natija bilan o'zlashtirishlari kerak. Kelishib olaylik agar matematika va fizikaga tobingiz bo'lmasa kollej davrida kamida siz Photoshop yoki AutoCad yoki 3d-Max kabi amaliy dasturlarda mustaqil ishlay olishingiz kerak.

Oliy Ta'lim

Qiziqishlaringiz va intilishlaringiz haqiqiy bo'lsa va qandaydir natijalarga erishayotgan bo'lsangiz, keyingisi esa albatta oliygoh. Kollejni tamomlab ishlovchilar esa quyidagi sahifa orqali sohaga endi kirib kelayotgan dasturchilar haqida ajoib maqola bilan tanishib chiqishlari mumkin.
Oliygohda davom etaman deydigan bitiruvchilarga quyidagi oliy o'quv yurtlari tavfsiya etiladi.
Birinchi navbatdaToshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti yoki uning Qarshi, Samarqand, Nukus, Urganch, Farg'ona filiallari. Bu universitet va uning filiallari so'nggi yillarda zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalari bilan jihozlangan yurtimizdagi yetakchi universitet hisoblanadi. Ta'lim jarayoni ham 2013 yildan boshlab jahon standardlari asosida tashkil etildi. Axborot texnologiyalari bo'yicha nafaqat O'zbekiston, balki O'rta Osiyodagi yetakchi universitet hisoblanadi va yurtimizdagi axborot va telekommunikatsiya sohasiga ilg'or mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. Batafsil oliygohning internet web-sahifasi orqali tanishing.


Universitetga kirish imtixonlari quyidagi fanlardan test sinovlari asosida olinadi:
1. Matematika
2. Fizika
3. Ona tili va Adabiyot
4. Ingliz tili

Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti o'quv jarayoni

4 yillik bakalavr bosqichida soha bo'yicha keraklicha nazariy bilim va amaliy ko'nikmalarga ega bo'lasiz, buning uchun shart-sharoitlar yetarli, faqat hammasi o'zingizga bog'liq. Iqtidorli talabalar uchun chet el oliy o'quv yurtlarida ta'lim olish bo'yicha grantlar juda ko'p, yoki magistratura bosqichi.
Boshqa oliygohlar haqida ma'lumotlar keltirib o'tmadim, sababi oddiy. Fudbol o'ynash uchun fudbol stadionga borasiz, suzish maydonchasi yoki tennis kortiga emas.

Real ishlab chiqarish.

Hozirda yurtimizda har bir yuqori davlat idorasida Axborot Texnologiyalari bo'limi mavjud. Bundan tashqari ushbu sohada mahsulot (dasturlar va xizmatlar) yetishtiruvchi davlat va xususiy firmalar yildan-yilga ko'payib bormoqda. Chet el kompaniyalarining yurtimizdagi dasturchi-muhandislar bilan aloqalari rivojlanib bormoqdaki hozirda masofadan turib ishlash imkoniyatlari ham mavjud. Hozirda real ishlab chiqarishda quyidagi mahsulot va xizmatlar taqdim etilmoqda:
1. Axborot tizimlari
2. Boshqaruv tizimlari
3. Mobil qurilmalar uchun dasturlar
4. Web-dasturlar, internet-saytlar
5. Dasturlash va AT bo'yicha ta'lim va malaka oshirish kurslari
6. Kompyuter ilovalari va ma'lumotlar bazasi
7. Kopmyuter tizimlariga texnik xizmat ko'rsatish
...va boshqalar. Bu hozirgi holat, siz oliygohni bitirib chiqquncha bo'lgan 6-8 yil orasida bularning safi 4-5 barobar ko'payishi aniq. Demak, kelajakda ish va ishga joylashish bo'yicha xavotir olmasangiz ham bo'ladi. Xozircha faqatgina astoidil o'qish va izlanish talab etiladi.

Chet davlatlarda qanday?

Bu haqda qisqacha. Dunyo bo'yicha dasturchilarga talab yuqori, ish sharoiti va oylik maoshi bo'yicha dasturchi-muhandislar reytingi yuqori o'rinlarda turadi. Yevropa va AQSHda hozirgi kunda dasturchilar yiliga eng minimal $20000-$30000, malakali va tajribali dasturchi muhandislarga $60000-$120000 atrofida oylik maoshi taklif etilmoqda. Bu albatta, aniq statistika emas, kuzatuvlarim hulosasi. Masalan dasturiy mahsulotlar va dasturchilar yetqazish bo'yicha dunyoda eng oldingi davlatlardan biri Hindistonda deyarli barcha maktab o'quvchilari axborot texnologiyalari nimayu, dasturchi bo'lish uchun nima qilish kerak, hammasi bilishadi, ota-onalar farzandlarini kelajakda albatta dasturchi-muhandis bo'lib yetishishlarini orzu qilishadi. Yoshlar shu sohani egallash uchun astoidil o'qib izlanishadi. Bizda bankir, iqtisodchi, xarbiy bo'lishni qanchalik xohlashsa, ularda dasturchi-muhandis bo'lishga shunchalik qiziqishadi. Bu yerda IBM, Oracle, InfoSys, Symantech kabi dunyoga mashxur kompaniyalarning yirik IT parklari mavjudki har yili yetishib chiqayotgan minglab mutaxasisslarni o'ziga jalb eta oladi. Jamiyatda axborot texnologiyalari ahamiyati, uning qanchalar iqtisodiy kuchga ega ekanligini, hozirda aqliy mehnat orqali farovon va barqaror hayot kechirish mumkinligini o'z hayotiy tajribasida sinab ko'rgan bu jamiyat o'z taraqqiyotida yuksak bilim va malaka birlamchi iqtisodiy resurs ekanligini isbotlab kelmoqda.

Yurtimizda ham soha rivojlanishda davom etmoqda, bunda albatta uning kelajagi bugungi Siz aziz yoshlarga bog'liq.

P.S. Bloggerlarimiz va o'quvchilarimizdan ayni shu mavzu bo'yicha qo'shimcha taklif-mulohazalar kutib qolaman, maqsad, ushbu mavzuni yanada kengroq va to'liqroq yortigan holda O'zNetda, davriy nashrlarda kengroq yoritish bizni vazifamiz. Ushbu mavzuni maktab va kollej o'quvchilari, ota-onalar orasida kengroq yoritishda yaqindan yordam berasiz degan umiddamiz.

No comments:

Post a Comment